BO'LIMLAR
Bizning saytimizda kim bilan Intervyu bo'lishini xoxlaysiz?
Всего ответов: 1058
Mini chat
мини-чат от csomsk.ru
200

BIZ BILAN ALOQA
Admin: Farruh (Farab)
Tel: +998 (93)5788083
Pochta: www.dj.farruh.uz@mail.ru
Odnoklassniki profil
SAYTDA KIM BOR?
Barcha Online: 2
Mehmonlar: 2
Foydalanuvchilar: 0
Kutish (Hikoya)
Reyting:
Qo'shdi: farab Sana: 21.07.2018, 16:38 Ko'rildi: 34 Fikrlar: 0
— Xavotirlanma, xotin. Men, albatta, qaytaman. Bu shunchaki anglashilmovchilik...

Uni olib ketishdi.

Xotin esa ag`dar-to`ntar bo`lib yotgan uyni yig`ishtirishga tushdi.

Shundan so`ng ayol intizorlikda kuta boshladi.

Kunlar, oylar o`tdi. Birinchi qishdan chiqish ancha qiyin kechdi. Eri tashlab ketgan ozgina pulning ham tagi ko`rindi. O`g`lining ishtahasi juda yaxshi edi. Xuddi bo`rinikidek; Allohga shukrki yigit ancha baquvvat chiqdi. “O`g`limga ko`z tegmasa bo`lgani”, — ona ichida o`z-o`ziga takrorlardi.

Ayol sabrli edi. Axir, eri unga ketishidan avval: “Qaytaman...” demaganmidi? Bekorga bunday demaydi-ku... U hech qachon aldamagandi; doimo rost gapirgani uchun ham qo`shnilari uni hurmat qilishardi.

Yana butun borlig`i bilan kuta boshladi. Erini qamoqqa tiqishga ularning hech qanday asoslari yo`q edi. Axir, yomonligi yo`q — buni hamma tasdiqlaydi. Hatto eng xasadgo`y qo`shnilarning ham, hech kimga gap bermaydigan, hammomda uchrashib qolishsa doim fisqu-fasod gap sotadigan, o`ta ketgan g`iybatchi xotinlarning ham og`izlaridan uning mehnatkashligi, haqiqiy erkakligi tushmasdi.

Albatta, u tez orada qaytib keladi...

Ikkinchi qish yanada og`ir keldi. Ayol birin-ketin zeb-ziynatlarini sota boshladi, ulardan ayrilish naqadar azobli... Qimmatbaholigi uchun emas, yo`q, gap umuman bunda emas, bu taqinchoqlarni eri sovg`a qilgandi, hayotining eng baxtli kunlarida: nikoh to`ylarida, suyukli o`g`illari tug`ilganida... Bu zeb-ziynatlarni farzandining to`yiga asrab qo`ygandi. Biroq nima ham qila olardi, axir, yashash kerak! O`g`li ham katta bo`lib qoldi, o`qishini tashlamasligi lozim. Tag`in unga kitob sotib olish kerak...

Tez orada eri qaytib keladi va hammasi o`z o`rniga tushadi; yana taqinchoqlar olib beradi. Olib bermasa ham... o`ylab qarasa, buning keragi ham yo`q: “Mendayin qarib qolgan xotin uchun bularning nima keragi bor?”.

U sabr bilan kutardi. Ba`zida eshikni kimdir ohista taqillatganday bo`lar, shunda ayolning yuragi qinidan chiqib ketayozardi. Chunki, faqat erigina shunday eshik qoqardi. Biroq, afsuski, har safar ayol yanglishar, bu boshqa birov bo`lib chiqardi. Nega eri bunchalik hayallab qoldi, hech aqliga sig`dirolmadi...

Keyingi qishda o`g`li ham ketdi. Ona hech narsani bilmasdi. Qayoqdan ham bilsin?

Birinchidan, savodi yo`q, ikkinchidan, o`g`li yarim tungacha eshitadigan radiodan nimani gapirishayotganlarini farqiga bormasdi. Uyi uning uchun butun bir borliq edi. Hammomga borsa xotinlar bilan laqillab qolib ketmas, do`konga kirsa, shoshib xarid qilgancha chiqib ketardi. Tanish-bilishlari esa barmoq bilan sanagulik.

“Tartibli ayol oilasi va uyiga qarashi kerak”, — eri tez-tez shunday derdi. U doimo haq edi. Xotini esa miq etmay unga itoat qilardi.

Yo`q, ayol hech nima bilmasdi.

Oxirgi paytlarda o`g`li o`zgarib qoldi: o`rtoqlari bilan uchrashmas, oldingidek kulmasdi (avallari o`g`li doimo onasining ko`nglini ko`tarish uchun hazil qilardi — yaqinda ham, ruslar Oyga uchar ekan, deb aytgandi), onasi tayyorlagan mazali taomlarga bazo`r qo`l urardi. O`zi, tirikchiliklari arang o`tmayaptimi?

Endi o`g`il xonasidla o`tirib, radio tinglar va mutolaa qilardi; yarim tungacha devor ortidan diktatorning ovozi yangrab turar, gazetalarning shitirlashi quloqqa chalinardi. “O`g`limga nimadir bo`ldi, — o`ylardi ona, — balki, sevib qolgandir? Rostdan ham, bo`yi etib qoldi, tezroq uylantirish kerak...” Shu o`y bilan uyquga ketar, tushiga nevaralariga enagalik qilayotgani kirardi.

Bir kuni o`g`li uyga turli eguliklar bilan qaytdi. O`zida yo`q xursand edi.

— Kitoblarimni sotdim, — dedi u, — endi ularning menga kerak yo`q. O`qishni tashladim.

Ona o`g`lini biroz koyidi — axir, kitoblar uning uchun qanchalik qadrlar edi-da, — keyin ovqat tayyorlashga tutindi. U shunday baxtiyor ediki, hatto bir zum erini yodidan ko`tardi!

Anchadan beri bunday lazzatli taomni tatib ko`rishmagandi. Ovqatdan so`ng, o`g`il onasidan choy damlab berishni va u bilan birga o`tirishni so`radi. Ona darrov, mahbubasi haqida gapirsa kerak, deb o`yladi. Negaki, faqat sevib qolgan o`smirgina shunday jiddiy bo`lib qoladi, sevgan kishininggina ko`zlari shunday chaqnaydi.

Yo`q, ona hech nima bilmasdi.

O`g`lining gaplaridan so`ng uning yuragi qinidan chiqqanday bo`ldi, u jimgina tinglardi. Yo`q, to`g`rirog`i, o`g`lining og`ziga shunchaki termulib turardi. Chunki bu og`izdan chiqayotgan so`zlar, go`yo anhorga quyilayotgan toshqinday notanish va begona edi.

— Tushuning, oyi, shunday qilish kerak... Ozodlik.... Jazoir mustaqilligi...

O`g`il otashin, zavq-shavq bilan to`xtovsiz bidirlardi. Ayol uni hali bunday holatda ko`rmagandi. Albatta, faqat muhabbat (balki aqldan ozish)gina odamni shu darajada o`zgartirib yuborishga qodirdir, ehtimol. Ojizagaga shunday tuyuldiki, bu begona so`zlar oqimi uni oqizib ketayotgandek edi.

— Tushuning, oyi... Vatan... Mustamlakachilikdan qutilish... Biz buni amalga oshirishimiz lozim... agar otam hozir shu erda bo`lganida bizga qo`shilgan bo`lardi... Tushuning!..

Lekin hech qaysi bir ona bu narsalarni tushunishga qodir emas.

Ko`ngli chilparchin bo`lgan bir alpozda o`yga toldi: otasi qaytsagina hammasi joy-joyiga tushib ketadi. Eh, faqat tezroq qayta qolsaydi! Quloqlarida erining xotirjam tovushi hamon yangrardi: “Xavotirlanma... men qaytaman”. Axir, shunday deganidan keyin...

Ertalab, odatdagidek, o`g`liga qahva olib kirdi. Xona bo`m-bo`sh edi. Onaning ko`ngli dars ketganini aytish uchun so`z topilarmikan.

Aytishlaricha, kunlar bir-biriga o`xshamasmish. Qanday bema`nilik! Kimnidir intiq kutayotgan yolg`iz ona uchun nafaqat kunlar bir-biriga o`xshaydi, balki kunlarning o`zi uning uchun mavjud emas: faqatgina tun, zim-ziyo, sovuq tun.

Avvaliga juda og`ir bo`ldi. U doim o`g`liga atab biror bir shirinlik olib qo`yar, unga qanday taom tayyorlasam ekan, deya o`ylanib qolardi. “Bugun kechasi, albatta, uyga qaytadi”, — derdi o`ziga o`zi dasturxon tuzayotgan mahali yoki o`choq boshida kuymalanayotib. Ammo dasturxondagi kechki ovqat sovib qolar, oziq-ovqat ham kundan kunga taqchil bo`lib borardi. Begona kishilarnikida xizmat qilishga, kir yuvishga, supir-sidir qilishga to`g`ri keldi...

Shu zayilda yashashda davom etdi, go`yo soyadek, jimgina. Yillar esa bir-birlari bilan quvlashmachoq o`ynardi. Goho qulog`iga uzuq-yuluq gap-so`zlar chalinib qolardi: “Bechora... yolg`iz qoldi... o`ylab ko`rgin, axir, eri ham, o`g`li ham... ulardan biron bir xabar yo`q...”.

Nihoyat bu keksayib qolgan xotin kuchdan qoldi. Kechalari isinish uchun qimir etmay o`choq yonida o`tirar, qalbida birgina miltillab turgan kuchsiz umid uni hayotga bog`lab turgan ilinj edi: u hanuz eri va o`g`lining qaytishini kutar, agar shu umid bo`lmaganida edi, hayot u uchun ma`nisizliklarga to`la hech narsaga aylanib qolgan bo`lardi.

Bir tong shahar aholisi hayajon bilan uyg`ondi. Pastak tomlardan ayolarning shod-xurram qiyqiriqlari yangradi. Tinmay kuylashib, butun shaharni boshlariga ko`tarishdi. Har yoqdan behisob olomonning: “Ular qaytishdi!.. Bizning jasur qahramonlarimiz!.. Ular sharafiga namoyishlar, mushakbozlik o`tkaziladi... Yashasin Jazoir!.. Alloh shahidlarni rahmatiga olsin!..” degan xitoblari eshitildi.

Keyin hammasi suv quygandek tinchidi. Kunlar esa bir-birini ta`qib etishda davom etardi.

Yana kumush qish oppoq to`shagini yoydi. Kampir hamon kutardi. Haqiqatan ham, u hech nima bilmasdi.

Onalar har doim kutishadi. Onalar qismati shunday, o`zi. Kutishdan charchaydigan ona topilarmikin?

Quloqlari ostida hanuz erining ovozi jaranglaydi; o`g`liga nasihat qilayotganlari yodida: “Ko`chada boshingni tik ko`tarib yur, go`yo bu erning xo`jayini — sensan... Shunda senga birov g`ing deyolmaydi, o`g`lim”. Ha, erining ovozi hamon qulog`ida, o`g`li esa diqqat bilan tinglamoqda. Axir, otalar doimo haqiqatni gapiradilar.

Qaysidir oqshom kampirning qulog`iga ko`chada, deraza tagida tanish qadam tovushlari chalindi, balki shunday tuyulgandir.

“Bu aniq ikkovining qadam olishlari... men bilaman-ku... Mana, otasining og`ir, bir maromda yurishlari, mana o`g`limniki... Ha, albatta, ularniki, boshqa kimniki ham bo`lsin! Qodir egam, ichimdagi o`t so`nib qolgandi-ya...”

— Endi u g`am-anduh bo`lmaydigan maskanda, — deyishdi tongda kampirning vafotidan xabar topgan qo`shnilari. — Nihoyat u yaqinlari bilan birga. Axiyri imkon topilgandi.

G`ovtiy Farovon, Jazoir yozuvchisi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi
Bo'lim: Hikoyalar
Izoh qoldirish
Barcha izohlar: 0
Xato!
Hurmatli mehmon, izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting.
Copyright © 2018 ShouMp3.NeT 2018 Barcha huquqlar himoyalangan.
uzbek.mobi