BO'LIMLAR
Bizning saytimizda kim bilan Intervyu bo'lishini xoxlaysiz?
Всего ответов: 1058
Mini chat
мини-чат от csomsk.ru
200

BIZ BILAN ALOQA
Admin: Farruh (Farab)
Tel: +998 (93)5788083
Pochta: www.dj.farruh.uz@mail.ru
Odnoklassniki profil
SAYTDA KIM BOR?
Barcha Online: 2
Mehmonlar: 2
Foydalanuvchilar: 0
Erkaklar hiyonatining birinchi belgilari: topamiz va bartaraf etamiz
Reyting:
Qo'shdi: farab Sana: 21.07.2018, 16:36 Ko'rildi: 46 Fikrlar: 0
Hiyonat kutilmaganda xanjardek yurakka uriladi. Necha yillar davomida bir yostiqqa bosh qo`yganingiz urgan pichoqning og`rig`i achchiq. Erkak hiyonatining oldini olib bo`ladimi? Axir begona ayol bilan «gaplashish bosqichi » ham bo`ladiku. Mana shu bosqichni bilish, sezish uchun ayoldan biroz ziyraklik talab etiladi. Bugun shu haqida suhbatlashamiz.

Ichimizda «Men erimga ishonaman» deydiganlar ham, «tekshirsangiz, chiqadi-da, undan ko`ra bilmayman ham, kuymayman ham» deydiganlar ham bor. Ammo «erim bir necha yildan beri yurarkan, xatto chetdan ikkita bola ham orrtirib olgan ekan» deb ayuhannos solayotganlar ham yo`q emas. Shu bois ham o`z erini nazorat qilib, hiyonatning birinchi belgilarini sezishi zahoti ularga qarshi aql va farosat bilan choralar ko`rib yurish zarar qilmaydi. Ishonuvchan, sodda ayollarning go`lliklaridan esa afsuski, erlari unumli foydalanishadi.

Xo`sh, begingizning hiyonat ko`chasiga kirganini yoki shu ko`chalarga kirsammikan, kirmasammikan, deb yurganini qanday aniqlash mumkin? Erkaklar odatda qovun tushirib qo`yadigan may-chuyda jihatlarga diqqatingizni qarating.

Gaplariga quloq tutamiz

Eringiz ishxonasidagi hamkasbi, uzoqroq qarindoshi, qo`shni ayol yo kenjatoyingiz enagasining anyanchli qismati haqida siz bilmagan faktlarni bir-ikki marta aytdimi, ehtiyot bo`ling. Nima uchun ayol kishi erkakka dardihol qilyapti? Mayli, hamkasbini tanimaysiz (vaholanki, eringizning hamkasblari bilan ham tanishib olish zarar qilmaydi), lekin qarindosh, qo`shni yoki enaga o`z muammolarini begona erkakka emas, sizga aytishi kerak ediku. Demak, begingiz ularning maslahatgo`y akasiga aylanib bo`lgan. Dardihol qilishga esa mavzu topiladi – eri yuradi (pul topmaydi, ko`chaga sarflaydi, uradi va hokazo...), hayoti og`ir (onasi kasal, kvartirasi yo`q, otasi ikchkilikboz). Eringiz hayot mashaqatlarida qiynalib qolgan ayolga dalda beradi. Ayol unga mungli ko`zlari bilan qarab, «mana siz boshqachasiz, xotiningizning hurmatini joyiga qo`yasiz, topganingizni uyga oborasiz, qattiq gapirmaysiz, uy-joylarga qaraysiz» deb maqtaydi. Begingiz esa o`zini sher his qiladi – «Haqiqatan ham qanday zo`rman-a!» Mana shu bosqichda, ya`nikim hali eringiz u ayol bilan jiddiyroq munosabatga kirishib ulgurmaganida, yoringizning gaplarini qulog`ingizning bir chetidan o`tkazib yubormang.

Nima qilish kerak?Bu bosqichda hali turmush o`rtog`ingiz bilan munosabatingiz yaxshi. Aks holda u begona ayollarning gaplarini sizga aytib bermagan bo`lardi. Demak, shu paytda u gapirgan ayol bilan do`stlashib olish choralarini ko`rish kerak. «Qani dadasi, shu ayol bilan tanishtiring, uni o`zim ruxshunosga olib boraman» deng, masalan. Unga achinayotganingizni namoyish eting. U ayol bilan tanishib, gaplashganingizdan keyin esa uning bor kamchiliklarini eringizga so`zlab bering. Ayolni chidamsizlik, sabrsizlik va noshukrligini dalillar bilan keltiring. Faktlar topilishiga esa ishonchimiz komil. Juda topilmasa, sal bo`rttirarsiz. Hijolat bo`lmang! Begona erkakkaki u o`z erini (sobiqmi, borimi, farqi yo`q) yo yaqinlarini yomonlabdimi, siz ham qarshi dalillardan o`z foydangizga ishlab qoling.

O`zgardi, qo`ydi!

Siz har doimgidek uylaringizni ozoda tutib, osh-ovqatingizni vaqtida pishiryapsiz, bolalarning ham, eringizning ham kiyimlari yuvilgan, dazmollangan. Lekin begingiz keyingi paytda avvalgidan asabiy. Nuqul ishingizdan kamchilik topadi. Noroziligidan xuddi u shu turgan uyidan ko`ra tuzukroq uyda yashashi, yaxshiroq mashina haydashi, bolalari ham aqlliroq, xotini esa sizdan-da uddaburonroq bo`lishi kerakligini uqasiz. Ovqatingiz yarim soatga kechiksa, qirg`in janjal qiladi, avvallari o`zi bemalol qilib qo`yishi mumkin bo`lgan ishni siz bajarishingizni talab qiladi. Masalan, siz manti pishirayotganingizda, bemalol ko`ylagini dazmollab ketayotgan odam, endi qo`liga dazmol olmasligini, bu erkak kishiga yarashmasligini aytib, da`vo qiladi. Har doim maqtab-maqtab egan mantingizdan ham kamchilik topadi, juda bo`lmasa, tuzi kam deydi.

Nima qilish kerak? Indamay aytganini qilganingiz sari talablari ham oshib boraveradi. Bu bosqichda eringizning sizga yoqmagan jihatlarini gapirishga o`rganishingiz kerak, aks holda u hamisha o`ziga qanday qulay bo`lsa, shunday yashashga o`rganadi-qoladi.Agar gaplaringiz tufayli janjal chiqishidan qo`rqsangiz, u holda shu qurquvlaringizni engish ustida ishlashingiz kerak. O`z fikringizni, voqelikka munosabatingizni aytishni o`rganing, busiz o`zingizga qulay munosabatlarni qurish mumkin emas. Agar-da, o`z huquqlaringizni talab qiloladigan ayol bo`lsangiz, u holda eringiz bilan kelishmovchiliklarning sababini topishingiz kerak. Ko`pincha ayollar erkak kishi unday qilishi kerak, bunday bo`lishi kerak, deydilar-u, beklarining istaklari va noroziliklariga e`tibor bermaydilar. Balki uning istaklari amalga oshmayogani uchun ham u noroziligini mayda narsalarga ko`chirayotgandir? Agar haqiqatan ham shunday bo`lsa, uning gaplariga quloq tuting, unga nimalar yoqmayotganini tinglang va bartaraf eting.

Qo`l telefonmi,jon telefon?

Sevishganlar, odatda bir-birlari bilan kechqurunlari, shanba-yakshanba kunlari ham gaplashgilari keladi. Hayotiy vaziyat, turmushdagishart-sharoit bois begingizning ko`nglini ovlamoqchi bo`lgan parining zudlik bilan echilishi kerak bo`lgan ishi chiqib qolar. Xullas ular bir-birlari bilan qo`l telefonlari orqali aloqaga chiqib turishgani bois, jufti halolingiz har qanday usullar bilan sizdan aloqa vositasini yashirishga harakat qiladi. Ovozini o`chirib qo`yish, kelayotgan telefonlarga javob bermaslik, parol o`rnatish yoki umuman foydalanmaslik... Sababini so`rasangiz esa javoblar tayyor: «Qarz oluvdim, so`rayapti»dan «gruppamizdagi yigitlar bezor qilib yubordi»gacha. Endi u telefoninini shunchaki stolga qo`yib qo`ymaydi, cho`ntagida esidan chiqarmaydi, o`zi bilan, hatto, vannaxonaga ham olib kirib ketish odatini chiqaradi.

Nima qilish kerak?

Odatda telefonida qiz-juvonlar bilan gaplashib yuradigan erkaklar, sizni ham tekshirib yurishadi. Demak, siz ham telefoningizga parol o`rnating-u, uning telefoni paroldan chiqarilganidan keyingina siz ham paroldan chiqarishingizni ayting. Agar telefoningizga parol qo`yishingiz, uni havotirga solmasa, qayg`urmang. Demak u sizga ishonadi. Xotiniga ishongan erkaklar esa, odatda, o`zi ham hiyonat qilmaydi. Har holda shunga umid qilamiz.

Va boshqa belgilar...

Erkak kishining tinimsiz ishdan kech kelishi, lavozimi yo maoshi ko`tarilmagan bo`lsa-da, «ishi ko`paygan» i, tashqi ko`rinishiga odatdagidan ko`proq ahamiyat berishi, uyga kamroq pul sarflay boshlagani, dam olish kunlari ham «ishi chiqib qolishi».

Nima qilish kerak?

Eringizni ikki qo`llab birovga berib qo`ymasligingiz kerak! Uning uchun kurashishga qaror qilgan bo`lsangiz, sabr sizga yor bo`lsin. Kurash uzoq davom etishi va bu sizning uncha-muncha asbingizga putur etkazishi turgan gap. Begingiz kurashish uchun arzisa, avvalgi munosabatlaringiz ularni qayta qurishga loyiq bo`lsa, vaqtni boy bermang. Raqibingizni yo`q qilish uchun quyidagi usullardan foydalaning:

O`zingizga chetdan qarang. Balki eringizning «chapga» qarashida sizning ham aybingiz bordir. Demak, o`z tashqi ko`rinishingiz bilan shug`ullanishning ayni vaqti. Sportzalga yoziling, sellyulitga qarshi massaj oling, kosmetolog, sartarosh va stilist xizmatlaridan foydalaning. O`zingizdan pul ayamang. Oilaviy byudjetni hech ikkilanmay o`zingizga sarflang.
Ikkinchi «asal oyi» uyushtirishga nima deysiz? Balki birga dam olishga chiqarsizlar yo shahar aylanarsizlar? Dam olish chog`i hamisha xursand, baxtli ko`rinishda bo`ling. Hiyonat haqida o`ylamang (qanchalar og`ir bo`lmasin). Birgalikda dam olayotganingiz onlari tushirilgan suratlarning eng chiroylilarini ijtimoiy tarmoqlarga joylang – raqibangiz kuyib «o`lish»ni boshlasin.
Yaqinlaringiz va do`stlaringiz bilan rejalashtirilmagan uchrashuvlar uyushtiring. Eringizning uchrashuvlarini chilpakka chiqarish uchun bu haqda unga oxirgi daqiqada ayting. Zudlik bilan echilishi kerak bo`lgan oilaviy muammolar o`ylab toping: bolani qaerdandir olib ketib, biror joyga olib borib qo`yish, mehmon kutish,uyda ta`mirlash ishlarini boshlash. Oilaviy ishlar bilan andarmon eringizdan maqtovlaringizni ayamang.
Eringizning ishxonasiga borib turing. Iloji bo`lsa, hamkasblaridan birortasi bilan do`stlashib oling. O`shanda majlis bo`ldimi, yo yakshanba kuni ishga chaqirishdimi, boxabar bo`lib turasiz.
Turmush o`rtog`ingiz bilan ochiqchasiga gaplashib oling. Baqir-chaqir qilmang, «shallaqi» degan tamg`a hozir sizga umuman kerak emas. Unga nima etmayotganini so`rang. O`zingizni erga urmang. Hech narsani bilmagandek, indamay yuraverish eringiz va uning sevgilisi uchun juda qulay. Munosabatlarni oydinlashtirmoqchi bo`lsam, u albatta tashlab ketadi, deysizmi? Nasib qilsa, unday bo`lmaydi. Negaki, statistikaga ko`ra, hiyonat qilganlarning atigi 8 foizigina oilasini tashlab ketarkan.
Xulosa o`rnida, gap shuki, eringiz uchun kurashish yoki kurashmaslik qarorini chiqarish sizning qo`lingizda. Nima bo`lganida ham o`zingiz va o`z hayotingizning qadriga eting, deymiz! Hayot oldinda va bu hayotingiz, albatta, baxtli bo`lishiga ishoning.

Nazokat tayyorladi.
Bo'lim: Oyila Tilsimi, Oyiladagi muammolarga yechim va maslaxatlar
Fikrlar / izohlar
Barcha izohlar: 0
Xato!
Hurmatli mehmon, izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting.
Copyright © 2018 ShouMp3.NeT 2018 Barcha huquqlar himoyalangan.
uzbek.mobi