BO'LIMLAR
Bizning saytimizda kim bilan Intervyu bo'lishini xoxlaysiz?
Всего ответов: 1053
Mini chat
мини-чат от csomsk.ru
200

BIZ BILAN ALOQA
Admin: Farruh (Farab)
Tel: +998 (93)5788083
Pochta: www.dj.farruh.uz@mail.ru
Odnoklassniki profil
SAYTDA KIM BOR?
Barcha Online: 3
Mehmonlar: 3
Foydalanuvchilar: 0
Muhabbatga elituvchi 7 pog`ona
Reyting:
Qo'shdi: farab Sana: 23.05.2018, 20:07 Ko'rildi: 20 Fikrlar: 0
Muhabbat yo`q narsa, u ertaklarda, filmlardagina mavjud, oila qurgandan keyin sevgiga o`rin qolmaydi, ro`zg`or, bola-chaqa... Shunday gaplarni ko`p eshitamiz. Ammo baribir muhabbat borligiga ishongimiz keladi. Men sizga aytsam: u bor! Bo`lganda ham mangu, bir umrlik muhabbat bor. Faqat u osmondan tushmaydi, unga erishish kerak. Quyida asl va abadiy muhabbatga elitguvchi pog`onalar haqida gaplashamiz.

1-pog`ona: oshiqlik

Inson yuragi gupillab uradi, sevgilisini ko`rganda dunyoni unutadi, yurak otash bo`lib yonadi. Ha, siz sevib qoldingiz. Bu eng yorqin, ehtirosli va tuyg`ular tug`yon urgan bosqich. Oshiqlar bir-birlariga doim talpinadilar, nuqul birga bo`lgilari keladi, birzum ayrilishni istamaydilar. Yoringizning hamma jihati, hatto, kamchiliklari ham sizga yoqadi. Siz sarxushlik holatidasiz, voqelikni real idrok eta olmaysiz. Sevgining ko`zi ko`r deya shu bosqichga aytishgan. Aynan shu pog`onada insonlarning bir-biriga ruhan va energetik jihatdan naqadar mosligi ko`rinadi. Ammo, afsuski, bu davr uzoq davom etmaydi. Ko`p o`tmay har qanday qaynoq ehtiroslar ham soviydi.

Nima qilmoq kerak? Yoringiz bilan ko`proq umumiy nuqtalarni topishga urining. Faqat tashqi ko`rinishi, xatti-harakatlaridagi muvofiqlik kamlik qiladi. Sizlarning qiziqishlaringiz, hayotga qarashingiz, qadriyatlaringiz — xullas, ko`p narsangiz mushtarak bo`lishi kerak. Umumiy qiziqishlar va maqsadlar bir-biringizga qattiqroq bog`lanishga yordam beradi. Bu, albatta, yorim bilan bir joyda ishlab, bir ishni qilishim kerak degani emas. Uning ishlari, tashabbuslarini tushuning va qo`llab-quvvatlang. Erkak kishi suyanadigan ayoli bo`sa, tog`larni talqon qilishga qodir.

2-pog`ona: ikkilanish

Hamon bir-biringizga talpinib turibsiz, ammo endi aql ko`zingiz ochilgan. Yoringizdagi kamchiliklar yaqqolroq ko`zga tashlanib borayapti, ular sizning g`ashingizga tegishni boshladi. Shu darajadaki, ba`zida undan uzoqroq ketgingiz, bu munosabatlardan dam olgingiz keladi. Bu pog`onadan istisnosiz hamma o`tadi. Albatta, bu bilan sizlar endi ayrilib ketasizlar, deb bo`lmaydi. Ammo yoringizni shu kamchiliklari bilan qabul qila olasizmi? Ana shu savol ustida bosh qotiradigan paytingiz keldi.

Nima qilmoq kerak? Agar undan ayrilishni istamasangiz, avvalgidek munosabatlarni davom ettiring. Uni birdaniga o`zgartirishga urinmang. Aks holda tuyg`ular so`nib qoladi. Ayol erkakning hayotiga lazzat olib kirish uchun yaralgan. Bu faqat jismoniy lazzat emas, balki sarishtalik, quvonch, shodlik va hokazo. Unga baxt berishda va bundan baxt tuyishda davom eting.

3-pog`ona: rad etish

Eng nozik davr. Nafaqat ijobiy, balki salbiy tuyg`ular ham etarlicha jamlangan, sabr kosangiz to`lib borayotgan bo`lishi mumkin. Ikki tomon ham ko`rpani o`ziga tortib, munosabatlarni oydinlashtirmoqchi, o`z hududini kengaytirib olmoqchi. Yorini o`ziga qulay qilib tarbiyalash istagida yonayapti. «Shoshilmadimmikan? Umr yo`ldosh tanlashda adashmadimmikan?» degan savollar tug`ilishi mumkin. Afsuski, ko`pchilik sevishganlar uchun shu pog`ona oxirgisi bo`ladi. Birovga moslashish, o`zni o`zgartirishdan ko`ra munosabatlarga chek qo`yish ma`quldek tuyuladi. Sevishganlar ajrashib ketishadi, lekin keyingi safar yangi munosabatlar boshlanganida, yana shu xatolarni takrorlashadi.

Nima qilmoq kerak? Tin olmoq kerak. Ko`pincha qizlar yigitga o`z so`zlarini o`tkazmoqchi bo`ladilar, u esa ko`nmaydi va janjal chiqadi. Janjalning ko`p bo`lgani yomon. Yoringiz siz uchun qilgan qahramonliklarini qadrlashni o`rganing. Hech qachon o`z istaklaringizni yashirmang. Chunki yashirilgan istaklar, kerak bo`lmagan o`rinda berilgan qurbonliklar yig`ilib borib munosabatlarni ichidan emiradi. Vaqtida yo`lini topib istaklaringizni ayting, uning ham xohishlariga quloq tuting. Murosa qilishni o`rgansangiz baxtli bo`lasiz.

4-pog`ona: sabr

Bu darajaga etib kelgan sevishganlar bir-birlarining kamchiliklariga nisbatan sabrliroq bo`ladilar. Bir-birlarining fazilatu qusurlarini boricha qabul qilishadi. O`zaro hisoblashishni boshlaydilar. Endi urishib qolishsa ham, baribir yarashib ketishlarini bilishadi. Xullas, odamlar bu munosabatlar ichra o`zlarini qulay his eta boshlaydilar. Ko`pchilik oilalar ana shu pog`onada bir umr yashab o`tadilar. Biroq haqiqiy muhabbatga etishish uchun yana bir necha qadam qo`ysalar, kifoya bo`lur edi.

Nima qilmoq kerak? Ikir-chikirlarga o`ralashib, maishiy muammolar tuyg`ularni eb qo`yishiga yo`l bermang. Unutmang, munosabatlardagi romantika uchun ayol kishi javobgar. Yoringizni mazali taomlar, kutilmagan syurprizlar, sababsiz bayramlar bilan xushnud etavering. Albatta, u tomondan ham javob reaksiyasi bo`ladi.

5-pog`ona: xizmat qilish

Bu juda yuqori bosqich. Hamma ham etib kelavermaydi. Bu darajaga etgan juftlik o`z munosabatlarini uzluksiz davom etuvchi zavqli ijod jarayoniga aylantira oladilar. Ular nafaqat kerakli yoki talab qilingan narsalarni qiladilar, balki shunchaki yorlariga baxt, shodlik ulashish uchun beminnat ishlarni ham amalga oshiradilar. Evaziga hech narsa talab ham qilishmaydi. Shunchaki minnatdorlik tuyadilar, xolos. Munosabatlar ancha mustahkam va uyg`un. Ammo yana ozgina intilsalar, ilohiy ishq nomli ne`matdan totib ko`rishlari mumkin.

Nima qilmoq kerak? Yoringizga o`zini ko`rsatish, ichidagi iqtidorni yuzaga chiqarish imkonini bering. Bir-biringizning qiziqishlaringiz, istaklaringizni hurmat qiling, birovingiz biror ish boshlamoqchi bo`lsangiz, ikkinchingiz yordamga va qo`llashga tayyor turing. Shunda yoringiz siz uchun turli qahramonliklarni qilishga qodir bo`ladi va qiladi ham.

6-pog`ona: hurmat

Er-xotin o`rtasida butkul uyg`unlik hukmron. Ular deyarli urishishmaydi, bir-birlarining o`tkir qirralarini yaxshi bilishadi va ularni aylanib o`tishni eplashadi. Іar ikki tomon ham bir-biriga yordam berish, birgalikdagi hayotlariga baxt olib kirishga intiladilar. Kimdir yon bersa, ikkinchi tomon buni qurbonlikdek qabul qilib siqilmaydi, xijolat bo`lmaydi, aksincha, quvonch bilan qabul qiladi. Bunday juftlik haqiqiy muhabbat ostonasida turibdi. Endi munosabatlarni mustahkamlash yo`lida nimadir qilishlariga hojat ham yo`q. Yo`ldosh ellar o`zi ularni mangu sevgi tomon olib boradi.

Nima qilmoq kerak? Yordam berish va qo`llab-quvvatlashda davom eting. Yoringizni yomon xabarlardan, salbiy munosabatlardan himoyalash choralarini izlang. Endi sizlar tinglashni ham, vaqtida gapirishni ham bilasizlar. Maslahat ortiqcha. Borini asrab qolsangiz kifoya.

7-pog`ona: muhabbat

Bu darajaga etib kelgan juftliklar juda kam. Bunday insonlar o`rtasidagi ruhiy bog`liqlik shu qadar kuchliki, ular yagona bir insondek bo`lib ketishgan. Er-xotin bir-birining oynadagi aksi ekanini yaxshi bilishadi. Bunday oilalarda muhabbat lotereyaga yutib olinadigan baxtli tasodif emasligini, uning uchun uzoq va mashaqqatli yo`l bosish, mehnat qilish kerakligini anglashgan. Bu darajaga etib kelish qiyin, ammo uddalasa bo`ladi.

Nima qilmoq kerak? Sevishda davom eting. Ayol erkak otlig` idishni to`ldirib turadigan iliqlik va nurdir. Shu haqiqatni unutmang! Yoringizga mehr va taft berishdan charchamang.

Endi o`zingiz o`ylab ko`ring: sizning munosabatlaringiz qaysi pog`onada turibdi? Yanada yuqorilash imkoni bormi? Agar bo`lsa, buning uchun sizdan nimalar talab qilinadi? Ana shu savollarga javob izlash asnosida o`zingiz ham sevishning yanada yuqoriroq pog`onalarini kashf eta borasiz. Chin sevish hammamizga nasib etsin!

ShAHINA tayyorladi.
Bo'lim: Sevgi / Любовь
Fikrlar / izohlar
Barcha izohlar: 0
Xato!
Hurmatli mehmon, izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting.
Copyright © 2018 ShouMp3.NeT 2018 Barcha huquqlar himoyalangan.
uzbek.mobi